Farg‘onada 29 kiloli oshqovoqlar yetishtirish yo‘lga qo‘yildi

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida fuqaro Jamoliddin Qodirov polizida har biri 29 kilogramm keladigan oshqovoq yetishtirdi. Bu haqda “O‘zA” xabar berdi.

U 15 yilcha avval tumanning dasht hududida o‘z ismi bilan ataluvchi fermer xo‘jaligini tashkil qilgan. Erta bahorda o‘z yeridan 80 metrli quduq qazib, ekin sug‘orish uchun suv chiqargan.

Tuman hokimligi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, bog‘bonning o‘g‘li Abdulahad ekin-tikin vaqtida bog‘dagi ko‘chatlar ostiga Amerikadan keltirilgan oshqovoq urug‘ini sinash uchun ekib chiqqan va yaxshilab parvarish qilgan. Yaqinda yig‘ishtirilgan ilk oshqovoqlarning har biri 29 kilodan ortiq vaznga ega.

“Qarasam, har safar ko‘chatlarning tagi bo‘sh qolib ketyapti. Kel, o‘sha yerlarga moshmi-loviyami ekib qo‘yay, harna ro‘zg‘orga asqatadi, degan o‘yda urug‘chilik do‘koniga bordim. Sotuvchi chet eldan keltirilgan oshqovoq urug‘ini tavsiya qildi”, — deydi Abdulahad.

Shundan so‘ng Abdulahad 200 ta urug‘ ekkan, 150 tasi sog‘lom unib chiqqan.

Jamoliddin Qodirov bunday hajmdagi oshqovoq bitta ro‘zg‘or uchun kattalik qilishi va uni saqlash ham muammo keltirib chiqarishini o‘ylab, 2021-yildan sharbat ishlab chiqaruvchi firmalar bilan shartnoma tuzishni rejalashtirmoqda.

Янгиликлар