Andijonda mast holda mahalladoshlarining tinchligini buzgan fuqaro qamoqqa olindi

Andijon viloyati Ulug‘nor tumani “Uchko‘prik” mahallasida yashovchi D.B. 6-iyun kuni kechasi mast holda  mahalladoshi fuqaro M.M.ning uyidagilar va qo‘shnilarining tinchligini buzgan. Haqoratli so‘zlarni aytib, mayda bezorilik qilgan, deb xabar berdi Oliy sud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro D.B. muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (O‘g‘irlik) bilan sudlanib, Ichki ishlar organlari ro‘yxatida turgan. Jazo o‘tab kelayotgan fuqaro D.B. spirtli ichimlik ichib, mast bo‘lgani holda huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan.

Mazkur holat yuzasidan Ulug‘nor tuman ma’muriy sudida 10-iyul kuni olib borilgan sud majlisida D.B.ga oid ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga asosan, u Ma’muriy Jinoyat to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismida (Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida jamoat joyida niqobsiz yurish), MJtKning 187-moddasi 1-qismida (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) va MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi.

MJtKning 34-moddasiga asosan uzil-kesil 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Undan qamoqda saqlash uchun sarflangan harajatlar hisobidan 334 500 so‘m davlat foydasiga undirish belgilandi.

Avvalroq Sirdaryoda IIB va Milliy gvardiya xodimi sudyani kaltaklagani, “Shifokorlarga navbatdagi hujum!”ni uyushtirgan fuqarolarga 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар