O‘zbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil qilindi

O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi tomonidan 21-iyul kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlari va barqaror ijtimoiy rivojlanish: COVID-19 asoratidan samarali tiklanish” mavzusidagi ikkinchi global munozaralar turkumi o‘tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy Majlis Senatining axborot xizmati

Munozaralar turkumi “BMTning 75 yilligi: kelajakka nazar” nomli onlayn xalqaro forumi doirasida o‘tkazilib, madaniyat, sog‘liqni saqlash va mehnat masalalariga bag‘ishlandi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘zining kirish so‘zida O‘zbekiston uchun barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish muhim ustuvor vazifa ekanligi, bu bo‘yicha parlamentning tegishli komissiyasi tashkil qilinganini ta’kidladi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari rahbarlari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, fuqarolik jamiyati institutlari va diplomatik korpus vakillari hamda BMT mas’ullari,  Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori va ushbu tashkilotning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori, UNESCO, Xalqaro mehnat tashkiloti mutasaddilari ishtirok etdi.

Foto: Oliy Majlis Senatining axborot xizmati

Shu bilan birga, O‘zbekiston koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda JSST tavsiyalari asosida bor imkoniyatlarini safarbar etayotgani, tibbiy xizmat qamrovini kengaytirish va ushbu tizimni isloh qilish borasidagi ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Bundan tashqari, bugungi kunda barqaror rivojlanish sohasidagi muhim maqsadlardan biri, shu jumladan, aholi bandligini ta’minlash borasida mamlakatda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, bunda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik kundan kunga mustahkamlanib borayotganligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda madaniyatning hissasi, koronavirus pandemiyasidan keyin madaniyat sohasini saqlab qolish kabi masalalarga urg‘u berildi.

Tadbir ishtirokchilari davlat rahbari tomonidan mamlakatda koronavirus pandemiyasi tahdidlariga qarshi kurashishga qaratilgan qat’iy va samarali choralarni yuqori baholab, bu borada muvaffaqiyatlarga erishilayotganini alohida e’tirof etdi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2020—2030-yillarda gender tenglikka erishish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgani haqda xabar berilgan edi.

Янгиликлар