O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari 1-sentabrdan keyin o‘tkazilishi mumkinligi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari karantin bekor qilinganidan keyin o‘tkaziladi. Bu haqda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i “2020/2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakunlari, tahlil va xulosalar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Foto: DTM

“Imtihonni keyinga ko‘chirish bo‘yicha taklif berilgan. Karantin cheklovlari qachon bekor qilinsa, test sinovi o‘shanda o‘tkaziladi. Agar 15-avgustda bekor qilinsa, 15-avgustdan keyin, 1-sentabrda bekor qilinsa, 1-sentabrdan keyin o‘tkaziladi”,— deb ta’kidlaydi Barno Rajabov.

Shuningdek, u imtihon o‘tkaziladigan joylar hali tasdiqlanmaganini, ammo statsionarga aylantirilgan pavilyonda imtihon o‘tkazilmasligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda OTMlarga kirish uchun 1 484 085 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 536 144 nafarini 2020-yil bitiruvchilari tashkil etadi.

Eslatib o‘amiz, ro‘yxatga olish 20-iyundan 20-iyulga qadar barcha hududlarda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, respublikaning 8 ta tumanida esa Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi.

Avvalroq onlayn ro‘yxatdan o‘tgan, lekin 111 500 so‘m to‘lovni amalga oshirishga ulgurmagan abituriyentlar 21-iyul kuni soat 23:59 qadar to‘lovni amalga oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар