Amerikalik olimlar koronavirusni antitanalardan iborat “kokteyl” bilan yo‘q qilish mumkinligini aytdi

AQShning Kolumbiya universiteti olimlari koronavirusga qarshi kurashda yordam berishi mumkin bo‘lgan preparat ishlab chiqqanini e’lon qildi. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida e’lon qilindi.

Foto: Bing Guan / “Reuters”

The Guardian’ning yozishicha, preparat tarkibida antitanalardan yaratilgan “kokteyl” mavjud va u qondagi virusni samarali yo‘q qiladi. Tadqiqotchilar COVID-19’dan tuzalgan 40 nafar bemorni tekshirib, ulardan virus bilan kurasha oladigan 61 turdagi antitanani ajratib olgan. Ulardan 19 tasi koronavirus zarrachalarini vayron qilishga qodirligi ma’lum bo‘ldi.

Og‘maxonlarda o‘tkazilgan tajriba shu ko‘rsatdiki, ushbu antitana turlaridan biri o‘pka to‘qimasidagi virusni butkul yo‘q qiladi. Mazkur antitanalarni insonga inyeksiya orqali yuborish koronavirusga qarshi vaksinaning o‘rnini bosishi mumkin.

“Biz ataylab ko‘p miqdorda ishlab chiqariladigan, keyin esa bemorlarga qo‘llaniladigan juda kuchli antitanalarni ajratib oldik. O‘ylaymizki, ulardan koronavirusdan profilaktika maqsadida yoki infeksiyani davolashda foydalanish mumkin bo‘ladi. Kasallikni ilk bosqichlarida davolash uchun antitanalarni qo‘llash imkoniyatini hali o‘rganib chiqamiz. Ayniqsa, qariyalar va boshqa og‘ir kasalligi bor bo‘lgan yuqori xavfli guruhga kiruvchi bemorlar alohida diqqat markazida bo‘ladi”, — deydi tadqiqot rahbari Devid Xo.

Uning aytishicha, ushbu preparatni koronavirusga qarshi vaksina o‘rnida ishlatsa bo‘ladi. Shu maqsadda undan qariyalarni infeksiyadan himoya qilishda foydalanish mumkin.

Toronto universitetida ham antitanalar qorishmasini yaratish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazilmoqda. Uning taxminiy natijalarini kanadalik olimlar iyunning boshidayoq ommaga e’lon qilgan edi.

“Mening fikrimcha, qancha ko‘p antitana ishlatilsa, shuncha yaxshi bo‘ladi. Chunki uning ajralib chiqishi standart muolaja hisoblansa ham vaqt talab qiladi. Iloji boricha ko‘proq bemorlarni davolash uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta turdagi antitanchalar bo‘lgani yaxshi”, — tushuntiradi tadqiqot ishtirokchilaridan biri, professor Sachdev Sidhu.

Kolumbiya universiteti olimi Devid Xoning taxminiga ko‘ra, oktabr oyiga kelib preparatni odamlarda sinab ko‘rishning imkoni bo‘ladi. Bitta inyeksiyaning bahosi 50 dollarni tashkil qilishi mumkin.

Kasallikdan tuzalgan bemorlarning qonidan olingan antitanalarni qo‘llash tadqiqoti Xitoyda qishda boshlangan edi. Tadqiqotchilar boshqa kasalliklarga, masalan, atipik pnevmoniyaga qarshi kurashish doirasida olib borilgan tajribalarga asoslangan edi. Bunda bemorga sog‘aygan odamning antitana mavjud bo‘lgan qon zardobi yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni qon zardobi bilan davolash amaliyoti to‘xtatilgan edi.

Shuningdek, nemis mutaxassisi koronavirusni butunlay yo‘q qilish ilojsiz ekanini aytgan edi.

Янгиликлар