Chaqaloqlarga niqob taqish imkoniyati yo‘q, ularni kasallikdan qanday himoyalash mumkin? — Mutaxassis javob berdi

Toshkent shahar pediatriya tibbiyot instituti ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi, pediatr Sevara Ubaydullayeva chaqaloqlarni koronavirusdan himoya qilish haqda gapirdi.

“Chaqaloqlarga niqob taqish imkoniyati yo‘q, ularni kasallikdan qanday himoyalash mumkin?” degan savolga, u quyidagicha javob berdi:

“Ha, bu to‘g‘ri, ilk yoshdagi bolalar va go‘daklarga niqoblarni taqib bo‘lmaydi.  Agarda oilada kimdir koronovirus bilan kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lsa, shu bilan birga unda PZR testi musbat ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, albatta, kattalar niqoblarni taqib yurishlari zarur hamda maksimal ravishda onani ham, bolani ham bu bemordan ajratish, alohidalash kerak, ya’ni boshqa xonaga yoki boshqa uyga o‘tkazish kerak”.

Pediatr, shuningdek, agar ona bolani ko‘krak suti bilan boqayotgan bo‘lsa, qo‘llarini 20 soniyadan ko‘p sovun bilan ishqalab yuvishi, niqob taqish kabi shaxsiy gigiyena va karantin qoidalariga rioya qilgan tarzda davom ettirishi mumkinligini ham ta’kidladi.

Avvalroq mutaxassis niqob taqish pnevmoniyaning keng tarqalishiga sabab bo‘lishi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirgan edi.