Chortoqlik ikki nafar o‘quvchi Ispaniyada o‘tkazilgan onlayn musiqiy tanlovda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi

Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi ikki nafar o‘quvchi qiz Ispaniyada o‘tkazilgan onlayn tanlovda pianino yo‘nalishida xalqaro toifadagi g‘oliblik diplomi bilan taqdirlandi. Bu haqda Chortoq tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Chortoq tumanidagi 14-sonli musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Dilnoza Davlataliyeva 5-sinfni, Dilrabo Abdulhamidova esa 4-sinfni tamomlagan.

“World Art Games” shiori ostida o‘tkazilgan xalqaro tanlov dunyoning 100 dan ortiq  davlati o‘rtasida o‘tkazilgan. O‘quvchilar 10—12 yosh toifasida pianino yo‘nalishida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, xalqaro toifadagi diplom bilan taqdirlandi.

Avvalroq buxorolik yigit onlayn tarzda o‘tgan Butunjahon Kibermatematika musobaqasida bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, 10—15-dekabr kunlari Rossiyada o‘tkazilgan Neft qazib chiqaruvchi mamlakatlar kubogi turnirida O‘zbekiston jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush hamda 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani va umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani haqida ma’lum qilingan.