Qoraqalpog‘istonda 2 nafar shifokor koronavirusdan vafot etgani nega sir saqlanmoqda? Nurmat Otabekov javob berdi

AOKA huzuridagi shtabda 23-iyul kuni Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda fuqarolardan “O‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonda 2 ta mashhur shifokor koronavirusdan vafot etdi. Nega bu haqida haligacha xalqqa ma’lum qilinmadi?” degan savol kelib tushdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan haftada Qoraqalpog‘istonda ikkita tibbiy xodim: shifokor va hamshira vafot etgan. Bu haqda o‘sha zahoti ushbu ma’lumot olingandan mahalliy televideniye orqali ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 23-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 153 nafarga oshib, jami kasallanganlar 18 531 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov koronavirusdan vafot etgani, Ichki ishlar vazirligi Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 12-iyul kuni vafot etgani, uning oʻlimiga koronavirusdan kasallangani sabab boʻlgani ma’lum qilgandi.

Keyinchalik 13- va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan, keyinroq ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan edi.

 

Янгиликлар