O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari hajmi 32 mlrd dollardan oshdi
O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari hajmi 2020-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, 32,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning zaxiralari hali ham zaif diversifikatsiyalangan — deyarli barchasi monetar oltin (19,4 milliard dollar) va xorijiy valyutada (12,4 milliard dollar) saqlanmoqda. Ushbu muammoni AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olish orqali hal qilish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun Markaziy bank ushbu ma’lumotlarni oshkor qila boshlaganidan beri birinchi marta rasmiy zaxiralar 32 milliard dollardan oshdi. Zaxira hajmi oltin narxining o‘sishi hisobiga ortgani ta’kidlanmoqda.
Avvalroq dunyo miqyosida oltin va kumushning narxi rekord darajada ko‘tarilgani xabar qilingan edi.
Shuningdek, oltin hamon O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti sifatida qolayotgani, eksport tarkibida oltin 33,8 foizni yoki 2,125 milliard dollarni tashkil etayotgani ma’lum qilingan edi.