O‘zbekistonda 1-avgustdan boshlab alkogol mahsulotlarining chakana savdosi uchun guvohnoma cheklanmagan muddatga beriladi
O‘zbekistonda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning 2020-yil 23-iyuldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini tartibga solish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Agentlik respublikada vinochilik sohasini jadal rivojlantirish, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish, alkogol mahsulotlari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida tashkil qilinmoqda.
Agentlik alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni lisenziyalash, iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchilar tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish, alkogol va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun korxonalar o‘rtasida iste’mol etil spirtini belgilangan tartibda taqsimlash bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2020-yil 1-avgustdan boshlab alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish, shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma cheklanmagan muddatga beriladi. Ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yo‘nalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlari (joylari)da realizatsiya qilingan tabiiy vino (qadoqlangandan tashqari) mahsulotlariga nol darajali stavka bo‘yicha aksiz solig‘i solinadi. Ishlab chiqaruvchilar iste’mol etil spirtining 50 foiz haqini oldindan to‘lash shartlarida realizatsiya qilish huquqiga ega bo‘ladi.