Tomdida 4 nafar mahkum muddatidan oldin ozod qilindi
Navoiy viloyati Tomdi tumanida 4 nafar mahkum muddatidan avval jazodan ozod qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi tomonidan 21-iyul, seshanba kuni 36-sonli Manzil koloniyasidan 4 nafar mahkum ozodlikka chiqarilib, o‘z oilasi bag‘riga qaytarilgan.
Xabarda aytilishicha, mahkumlar koloniyaning jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish yuzasidan tuman sudiga kiritgan taqdimnomalari asosida ozod etilgan.
“Sud tomonidan jinoyat sodir etgan, biroq qilmishning huquqqa xilofligini anglagan va axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytishga imkon berildi”, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudining raisi Dilobar Ergasheva.
Avvalroq Qo‘qonda o‘g‘rilikka qo‘l urgan ayol jamoatchilik kafilligi ostida qamoqdan ozod qilingani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Andijonda mast holda mahalladoshlarining tinchligini buzgan fuqaro qamoqqa olingani ma’lum qilingan edi.