Toshkentda koronavirusga chalingan 73 yoshli ayol vafot etdi. Mamlakatda 104-o‘lim holati qayd etildi

Toshkentda koronavirusga chalingan ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 73 yoshli ayol G.R.da 9-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, bosh miyada surunkali qon aylanishining buzilishi, surunkali piyelonefrit, surunkali xolesistit kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus yuqtirilganda 12 kungacha hech qanday teplovizor kasallikni aniqlay olmasligi, virusga chalingan bemorlarga bepul tarqatiladigan dorilar oilaviy poliklinikalar tomonidan yetkazib berilishi haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 24-iyul 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 19 179 kishiga yetgan. Ayni paytga qadar 10 203 nafar bemor sog‘aygan, hozirda 8872 kishi davolanmoqda.

Янгиликлар