Jizzaxda koronavirusga chalingan 58 yoshli ayol vafot etdi. O‘zbekistonda infeksiya qurbonlari 109 kishiga yetdi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashagan 58 yoshli ayol 25-iyul kuni o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 58 yoshli A.M.da COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Nukus shahrida koronavirusga chalingan 37 yoshli va 49 yoshli bemorlar o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 25-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 19 755 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 472 kishi sog‘aygan, 9174 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар