Kiyev, Qohira va Rossiyaning bir nechta shaharlaridagi o‘zbekistonlik talabalar avgust oyining birinchi o‘n kunligida vatanga qaytariladi

Respublika maxsus komissiyasi topshirig‘i bilan avgust oyining birinchi o‘n kunligida Kiyev, Qohira va Rossiyaning bir qancha shaharlaridan maxsus charter reyslari orqali o‘zbekistonlik talabalarni olib kelish ishlarini tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda, deb xabar berdi Transport vazirligi axborot xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, Respublika maxsus komissiyasi topshirig‘iga binoan avgust oyining birinchi dekadasida Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Tomsk, Qozon, Rostov-Don, Kiyev, Qohira shaharlaridan maxsus charter reyslari orqali o‘zbekistonlik talabalarni olib kelish ishlarini tashkil etish masalasida xorjiy davlatlar aviatsiya ma’muriyatlari bilan ishlar olib borilmoqda.

“Koronavirus pandemiyasi tufayli xorjiy davlatlar o‘rtasida transport qatnovlariga nisbatan qo‘yilgan cheklov choralari sabab chet davlatlar oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan ‘zbekistonlik talabalarni vatanga olib kelish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, shu kunga qadar Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Tomsk, Minsk, Istanbul kabi shaharlardan talabalar olib kelingan.

Avvalroq Rossiyada o‘qiyotgan 200 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, O‘zbekistondan Rossiyaga doimiy aviareyslar qachon tiklanishi ma’lum qilingandi.

Янгиликлар