Samarqandda YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
Samarqandda yuk mashina va “Lacetti” avtmobili ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir etildi. Bu haqda “Zamon” informatsion-tahliliy dasturi xabar berdi.
Samarqand viloyati hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘li 43-kilometrida yuk mashinasi va “Lacetti” avtomobili ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi 38 yoshli yuk mashinasi haydovchisi o‘zi boshqarib kelayotgan transportda yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlangan. Xuddi shu paytda Toshkent shahridan Buxoroga katta tezlikda harakatlanib kelayotgan “Lacetti” avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
“Lacetti” avtoulovini boshqargan Pastdarg‘omning Juma shaharchasida yashovchi 31 yoshli haydovchi va 24 yoshli yo‘lovchi tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, “Lacetti” haydovchisining harakatlanish uchun maxsus hujjatlari ham bo‘lmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi “a” (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga olib kelsa) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Yuk mashinasi haydovchisiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq Farg‘onada mototsikl haydovchisi velosipedchini urib yuborgani va Uchko‘prikda “Nexia” haydovchisi yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgani haqida xabar berilgan edi.