AQSh 30 ming ko‘ngilli ishtirokida koronavirus vaksinasi sinovini o‘tkazishni boshladi
AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus vaksinasi sinovlarining yangi bosqichi boshlanganligini e’lon qildi, deb xabar berdi “Euronews”.
Xabarda aytilishicha, sinov 30 ming ko‘ngilli ishtirokida o‘tkaziladi. Ushbu vaksina prototipi AQSh milliy sog‘liqni saqlash institutlari va “Moderna” biotexnologiya kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Vazirlik federal budjetdan ajratilgan, deyarli 500 million dollardan tashqari, yana 472 million dollar subvensiya kiritishini e’lon qilgan.
Tadqiqotning mohiyati shundaki, ko‘ngillilar haqiqiy vaksina yoki platsebo olganligini bilishmaydi. Ikki xil doza yuborilgandan so‘ng, olimlar kundalik mashg‘ulotlarini olib borishda qaysi ko‘ngilli guruh kasallikka ko‘proq moyil bo‘lishini kuzatib boradilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliya va koronavirusdan jiddiy zarar ko‘rgan boshqa mamlakatlarda Xitoy va Buyuk Britaniya tomonidan ishlab chiqilgan boshqa eksperimental vaksinalarning sinovi boshlangan. AQSh hukumati esa keyinchalik mamlakatda ishlatilishi mumkin bo‘lgan har qanday vaksinani dastlab o‘zining sinovidan o‘tkazishini aytgan.
Ta’kidlanishicha, agar barcha ishlar reja bo‘yicha ketadigan bo‘lsa, vaksina sinovlarining natijalari bir necha oy ichida ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Braziliyada koronavirus yuqtirish bo‘yicha kunlik rekord yangilangani, Qozog‘istonda bir kunda 1526 kishida koronavirus aniqlanib, Rossiyada infeksiya qurbonlari soni 13,5 mingdan oshganligi haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQShda koronavirus vaksinasi sinovining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgani, Rossiyaning COVID-19’ga qarshi ilk mahalliy vaksinasi tayyor bo‘lgani hamda O‘zbekiston va Xitoy birgalikda koronavirusga qarshi vaksina sinovini o‘tkazishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Biroq, JSST sobiq eksperti dunyoning 80% aholisi vaksinasiz qolishini aytgan.