O‘zbekistonda 2766 ta maktab 45 mingdan ortiq kompyuter bilan ta’minlandi

Janubiy Koreya Eksimbanki ishtirokidagi “Maktab ta’limida axborot-kommunikatsion texnologiyalarni yanada rivojlantirish” loyihasi doirasida 2859 to‘plamdagi o‘quv-kompyuter sinflari O‘zbekistonga yetkazildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, to‘plamlar 2859 dona o‘qituvchi kompyuteri hamda 43 127 ta o‘quvchi kompyuteridan iborat. Loyiha natijasida 2766 ta, ya’ni qariyb 30 foiz maktab yangi kompyuter sinflariga ega bo‘ladi.

Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga kompyuter sinflari to‘laligicha yetkazildi. Sardoba texnogen ofatining oqibatlarini yumshatish maqsadida zarar ko‘rgan umumta’lim muassasalariga qo‘shimcha kompyuter sinflari yetkaziladi.

Buxoro, Namangan, Fargona, Xorazm va Toshkent viloyatlarida kompyuter sinflarini o‘rnatish jadal sur’atlarda ketmoqda. Yakuniy bosqichda Toshkent shahar, Jizzax viloyati va Qoraqalpog‘istonda kompyuter sinflarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 20-iyuldagi qaroriga asosan Janubiy Koreya Eksimbanki Iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyot jamg‘armasining 33 million AQSh dollarlik imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun Fransiyadan 150 million yevro qarz olishi, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun 100 million dollar miqdorida kredit ajratishi haqida xabar berilgandi. Kredit 2020-yilning avgust oyi boshida ma’qullanishi kutilmoqda.

Янгиликлар