O‘zbekiston energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun Fransiyadan 150 mln yevro qarz oladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 24-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “Fransiya Taraqqiyot agentligi tomonidan elektr energetika sohasidagi islohotlar asosida O‘zbekiston Respublikasiga budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million yevro kreditini jalb qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-apreldagi 260-son qaroriga muvofiq elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasiga budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) 150 million yevro miqdorida (Policy Based Loan) kreditini jalb etish belgilangan.

Shuningdek, 2020-yil 6-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida “Energiya iqlimi” davlat maqsadli kreditini 150 million yevro miqdorida jalb qilish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan.

2020-yil 9-iyulda FTA Direktorlar kengashi tomonidan elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasiga budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 20 yil muddatda qaytarish sharti bilan 150 million yevro miqdorida kredit (Policy Based Loan) ajratilishi ma’qullangan, shuningdek, 2020-yil 15-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi va FTA o‘rtasida muzokaralari o‘tkazilgan.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • FTA krediti O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, FTA tomonidan ajratilgan kreditdan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan nazorat qiluvchi organ hisoblanadi;
  • FTA asosiy kreditini so‘ndirish, shuningdek, ular bo‘yicha foizlar, majburiyat uchun to‘lovlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi elektr energetikasi sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda budjetni qo‘llab-quvvatlash (Policy Based Loan) uchun FTA tomonidan ajratiladigan kredit hisobidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini (EHNATni joriy etish loyihasi) moliyalashtirishga 150 million yevrodan oshmagan miqdorda, o‘n besh yil muddatga uch yillik imtiyozli davri bilan olti oylik YeVRIBOR+1,25 foiz (bunda 0,75 foiz O‘zbekiston Respublikasi ustamasi) to‘lash sharti bilan kredit ajratadi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ EHNATni joriy etish loyihasining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan kreditdan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan mas’ul organ etib belgilanadi.

Moliya vaziriga elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasiga budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun FTAning 150 million yevro miqdorida (Policy Based Loan) kreditini jalb etish uchun O‘zbekiston Respublikasi va FTA o‘rtasida imzolanadigan qarz bitimini O‘zbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati beriladi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish bosh vazirning iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kamabag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va moliya vaziri Timur Ishmetov zimmasiga yuklanadi.

Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun 100 million dollar miqdorida kredit ajratishi haqda xabar berilgandi. Kredit 2020-yilning avgust oyi boshida ma’qullanishi kutilmoqda.

Янгиликлар