Shuhrat G‘aniyev: “Farg‘ona viloyatida 12 600 ta zaxira joy tayyorlandi”

Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalinganlar va ular bilan muloqotda bo‘lganlar uchun 12 600 ta zaxira o‘rin-joy tayyorlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Farg‘ona shahri markazida qurilgan 3 qavatli shifoxonada diagnostika, tahlil laboratoriyalari, videomuloqot uchun onlayn konferensiya zallari mavjud. U to‘lig‘icha ehtimoliy ehtiyojni qoplash uchun zaxiraga olingan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

“1-avgustga qadar 12 600 ta zaxira joy tayyorlashni reja qilib olgandik. Bu vazifa ado etilmoqda. Buning uchun viloyatdagi xususiy shifoxonalar ham jalb etildi. Mana bu yangi qurib bitkazilgan tibbiyot shifoxonasining o‘zida davolash uchun 70 ta barcha sharoitlarga ega joy mavjud”,  — deydi viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Koronavirusga qarshi kurash viloyat shtabi rahbari Fayzullo Qosimovning ta’kidlashicha, viloyatdagi 14 ta sport zalida ham qayta moslashtirish ishlari yakunlanmoqda. Farg‘ona shahridagi 8 ta sport saroyida bemor yoki ular bilan aloqada bo‘lganlar uchun bir necha ming zaxira joyi tayyorlangan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Farg‘ona shahridagi Olimpiya zaxiralari kollejining bir necha sport zallari xona-xonalarga bo‘linib, har bir xonaga krovat, sanitariya ehtiyoj xonasi, tibbiy jihozlar o‘rnatilgan. Shuningdek, 500 ta kislorod konsentratori va shuncha miqdorda IVL apparatlari olib kelingan. Qo‘qon shahridagi 1-bolalar sport maktabi zalida ham bemorlar va gumonlanganlar uchun zaxira joylar tayyorlangan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Shu yerning o‘zida 600 ta, Qo‘qon shahridagi 4 ta sport zalida jami 2000 ta bemor uchun zaxira joy tayyorlanyapti. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, barcha xarajatlar viloyat budjetining oshirib bajarilgan qismidagi mablag‘ hisobidan qoplanmoqda”, — deydi viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Aminjonov.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq Shuhrat G‘aniyev Farg‘onada aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 304 ta mobil guruh faoliyat olib borayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, viloyat hokimi hududda 10 mingga yaqin zaxira o‘rin-joylari tayyorlash zarurligini ta’kidlagan.

Янгиликлар