AQShda COVID-19’ga qarshi vaksinaning taxminiy narxi ma’lum qilindi
AQShning koronavirusga qarshi vaksina ustida ish olib borayotgan “Moderna” kompaniyasi o‘z vaksinasi bilan emlash kursi uchun 50—60 dollar narx qo‘ymoqchi. Bu haqda kompaniyaga yaqin manbalarga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, emlash kursi ikki doza vaksina kiritishdan iborat bo‘lgani sababli bir doza vaksina narxi 25—30 dollar bo‘ladi. Bu narx AQSh va aholisi yuqori daromadga ega bo‘lgan boshqa davlatlar uchun o‘rnatilishi taxmin qilinmoqda.
Vaksina ishlab chiqish ustida ish olib borayotgan boshqa kompaniyalar o‘z dorilarini arzonroq sotishni rejalashtirmoqda. O‘tgan hafta AQSh hukumati bilan 100 million doza vaksina yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan “Pfizer” va Germaniyaning “BioNTtech” kompaniyalari vaksinalarni 19,5 dollarga, “AstraZeneca” kompaniyasi esa 3—4 dollarga baholagan.
Avvalroq AQSh 30 ming ko‘ngilli ishtirokida koronavirus vaksinasi sinovini o‘tkazishni boshlagani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, ushbu vaksina prototipi AQSh milliy sog‘liqni saqlash institutlari va “Moderna” biotexnologiya kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.