Buxoroda elektr podstansiyasida yong‘in sodir bo‘ldi. Jarohatlanganlar qayd etilmadi

Buxoro viloyati Jondor tumanida 29-iyul kuni soat 09:50 da “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli 110-35-10 kilovattli Jondor podstansiyasida yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda viloyat Favqulodda xizmatlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.

Buxoro viloyat Jondor tumani Favqulodda faziyatlar bo‘limi dispetcherlik xizmati yong‘in chiqqan manzilga 5 ta yong‘in qutqaruv avtoekipajlarini jalb etdi. Yong‘in natijasida 1 dona 10000 kilovattli transformatorning ichki qismidagi elektr simlari va 15 tonna moy mahsuloti yongan. Yong‘in sodir bo‘lgan manzilga 3 kilometr masofadan soat 10:00 da yong‘in qutqaruv bo‘linmalari yetib borib, 10:25 da o‘rab olindi va 11:30 da batamom o‘chirishga erishildi.

Yong‘in natijasida fuqarolarning kuyish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmagan.

Avvalroq Surxondaryoda yoqilg‘i sisternasining portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan edi. Shuningdek, Farg‘onada “Lacetti 2” avtomashinasi yonib ketgani xabar qilingan.