O‘zbekistonda YIM o‘sishi 2020-yilning birinchi yarim yilligida 0,2 foizga sekinlashdi

O‘zbekistonda 2020-yilning yanvar—iyun oylarida yalpi ichki mahsuloti hajmi (YIM) 255,2 trillion so‘mni tashkil etdi va 2019-yilning shu davri bilan taqqoslaganda 0,2 foizga o‘sdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Infografika: Statistika qo‘mitasi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, YIM deflyator indeksi 2019-yilning yanvar—iyun oylaridagi narxlarga nisbatan 13,6 foizni tashkil etgan. 2020-yilning yanvar—iyun oylari yakuniga ko‘ra, YIM tarkibida tovarlar ishlab chiqarishda 145,4 trillion so‘m, xizmatlar ko‘rsatish sohasida 89,7 trillion so‘m miqdorida yalpi qo‘shilgan qiymat yaratilib, mahsulotlarga sof soliqlar esa 20,1 trillion so‘mni tashkil etgan.

Infografika: Statistika qo‘mitasi matbuot xizmati

2020-yilning yanvar—iyun oylarida YIM o‘sishi 2019-yilning yarim yilligidagi 6,0 foiz va 2018-yilning yarim yilligidagi 5,9 foizga nisbatan 0,2 foizgacha sekinlashgan. Shuningdek, YIM deflyator indeksida ham 2019-yil yanvar—iyun oylaridagi 19,5 foiz va 2018-yilning yanvar-iyunidagi 34,4 foizga nisbatan 2020 yilning yanvar-iyun oylarida 13,6 foizgacha sekinlashish kuzatildi. Kuzatilayotgan davrda o‘rtacha almashuv kursi bo‘yicha hisoblangan nominal YIM hajmi 26 milliard dollarni tashkil etgan.

Infografika: Statistika qo‘mitasi matbuot xizmati

Aholi jon boshiga hisoblangan YIM 7,4 million so‘mni tashkil etgan va bu ko‘rsatkich 2019-yilning yanvar—iyun oylari bilan taqqoslaganda 1,8 foizga kamaydi. Aholi jon boshiga YIM o‘sishi 2018- va 2019-yil yanvar—iyun oylarida mos ravishda 4,2 foiz va 4,1 foizni tashkil etgan.

Avvalroq O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda tashqi savdo hajmi 18 foizga kamaygani ma’lum qilingandi. Ta’kidlanishicha, tashqi savdo aylanmasi 2020-yilning dastlabki olti oyida 15,855 milliard dollarga yetgan.

Янгиликлар