Qozog‘istonda o‘tgan bir sutkada 1544 kishi, Qirg‘izistonda esa 397 kishi koronavirusga chalindi

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 29-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 86 192 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 56 638 nafari to‘liq sog‘aygan, 793 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1544 ta yangi holat qayd etilgan.

Foto: “Tengrinews”

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev epidemiologik vaziyat yaxshilanmagani sabab mamlakatda karantin cheklovlarini uzaytirishni buyurgani haqda xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, cheklovlar yana 2 haftaga uzaytirilgan.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 29-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 34 512 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 23 343 nafari sog‘ayib, 1347 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda 9822 mamlakatda kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 397 kishiga ko‘paygan, 18 nafar bemor vafot etgan.

Foto: “Kloop.kg”

Avvalroq Bishkekda so‘nggi bir sutkada 20 nafar tibbiyot xodimi COVID-19 yuqtirib olgan. Mamlakatda jami 2711 shifokor koronavirusga chalingan.

Tojikiston

Tojikistonda 29-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 7276 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 6065 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 60 nafari vafot etgan.

Foto: “Asia-plus”

Avvalroq Germaniya Tojikistonga koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun 1 million yevro miqdorida tibbiyot jihozlarini yuborgani haqda xabar berilgandi.

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmaniston Mudofaa vazirligi boshqarmalarida tibbiy-sanitariya bo‘linmalari tashkil etilayotgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, endi har kuni ikki marta — ertalab va kechqurun harbiy xizmatchilarning tana harorati o‘lchanadi. Agar harorati yuqori xizmatchi topilsa, u izolyatsiya qilinib, davolanadi.

Rossiya

Rossiyada 29-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 828 990 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 620 333 nafari sog‘aygan, 13 673 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5475 ta yangi holat aniqlangan.

Foto: “AFP”

Avvalroq prezident Vladimir Putin mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqararlashayotganini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, ayrim mintaqalarda epidemik vaziyat qiyinligicha qolmoqda.