Andijon shahridagi 2800 ta ehtiyojmand oilaga arafalik ehsonlar tarqatildi
Qurbon hayiti munosabati bilan 29-iyul, chorshanba kuni Andijon shahridagi 2800 ta ehtiyojmand oila uchun jonliq so‘yilib, arafalik ehsonlar tarqatildi. Bu haqda Andijon viloyati matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu tadbir Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov tomonidan “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida o‘tkazildi.
Shahar hokimi rahbarligida bir guruh mutasaddilar xonadonlarda bo‘lib, aholi holidan xabar oldi. Ular tomonidan berilgan bayram sovg‘alari, oziq-ovqat mahsulotlari oilalarga quvonch ulashdi, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qurbon hayitining birinchi kuni 31-iyulga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezideni Qurbon hayitining birinchi kunini karantin qoidalariga asoslanib nishonlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan edi.
Avvalroq Qo‘rg‘ontepada 60 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz holidan xabar olingan edi. Shuningdek, Andijonda 95 yoshli onaxonga nogironlar aravachasi topshirilgani va aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha fuqarolarga 470 bosh zotdor echki tarqatila boshlangani haqda xabar berilgan edi.