Farg‘ona hokimi viloyat ahlini Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyat ahlini Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Hokim tabrik davomida koronavirus pandemiyasi davrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqda gapirib o‘tdi. So‘ng Prezident tomonidan Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan imzolangan farmon haqda fikrlarini bildirdi.

“Ayni kunlarda barchamiz asrlar mobaynida asl milliy qadriyat sifatida ma’rifatli xalqimizning eng go‘zal fazilatlari namoyon etuvchi muborak Qurbon hayiti bayramini nishonlaymiz. Bayram kunlarida xalqimizga xos mehr-oqibat, muravvat, kattaga hurmat, kichikka izzat, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor shaxslarning oilalariga beg‘araz yordam ko‘rsatish yaxshi an’anaga aylangan”.

Bunga qo‘shimcha, Farg‘ona viloyatida ham bu borada belgilangan ishlar karantin tartib-qoidalari, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amalga qilgan holda tashkil etilishi aytildi. Viloyatning shahar-tumanlari kesimida yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bor shaxslar, muntazam ravishda alohida parvarish va tibbiy muolajaga muhtoj nuroniylar, vaqtinchalik ishsiz bo‘lgan fuqarolarga manzilli ro‘yxat asosida oziq-ovqat, dori-darmonlar yetkazib berilishi hamda viloyatning anklav hududi bo‘lgan So‘x tumani, Shohimardon va Yordon, Cho‘ng‘ara qishloqlari aholisi kundalik hayotiy ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar bilan ta’minlanishi ta’kidlandi.

“Pandemiya davrida yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir jabhada amalga oshirilayotgan ishlar, birinchi navbatda, aholi sog‘ligi va baxtli hayotini ta’minlashni nazarda tutadi. Shu bois bu boradagi ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun kattayu kichik Farg‘ona ahli xizmatda astoydil kamarbasta bo‘lib, shu yurt farzandi sifatidagi sharafli va mas’uliyatli burchimizni teran anglab yetgan holda ezgu da’vatlarga ‘Labbay!’ deya javob beramiz.

Shu fursatdan foydalanib, barchalaringizni Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor chin dildan, samimiy muborakbod etaman”.

Avvalroq O‘zbekistonda arafa kuni Qur’on va duo kechasi televideniye orqali namoyish etilishi xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi karantin sharoitida qurbonlik qilish tartibini ma’lum qilgan edi. 

Янгиликлар