Namanganda viloyat hokimi Bibiona ziyoratgohidagi qurilish ishlari bilan tanishdi (foto)
Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Chust tumanidagi Bibiona ziyoratgohida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ziyoratgoh jami 7,5 gektar maydonni egallagan. U yerda namozxona, tahoratxona, ramziy maqbara, milliy ayvon va esdalik buyumlari do‘koni qurildi. Shuningdek, hududdagi uchta buloq atrofi ko‘rkam holatga keltirildi. Bu ishlarning barchasiga 4 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ sarflandi. Hozirda ziyoratgohdagi asosiy qurilish ishlari yakuniga yetmoqda.
“Bibiona ziyoratgohining tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bunday tabarruk maskanlar har qanday hududning fayzi, ko‘rki hisoblanadi. Shu sababli ularni obodonlashtirish, ziyoratchilar, sayyohlar uchun qulay ko‘rinishga keltirish doimiy diqqat-e’tiborimizda bo‘ladi. Qolaversa, bu yo‘nalishdagi ishlar tashqi va ichki turizmni rivojlantirishda ham muhim omil bo‘ladi”, — deydi viloyat hokimi.
Qayd etilishicha, ziyoratgohda milliy udumlarga muvofiq jonliq so‘yilib, Qur’on tilovat qilindi.
Avvalroq Namanganda yillik quvvati 300 ming tonnaga teng bo‘lgan sement zavodi qurilishi va Saudiya Arabistoni kompaniyasi Peshku va G‘ijduvonda shamol elektr stansiyalari qurishi haqida xabar berilgandi.