Toshkentda oxirgi 2 kunda haroratli bemorlar bo‘yicha tez yordam chaqiruvi qanchaga kamaygani ma’lum bo‘ldi

AOKA huzuridagi shtabda Respublika Maxsus komissiyasi a’zosi Feruza Hamroboyeva ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda koronavirus infeksiyasi borasida aholidan kelib tushgan savollarga javob berildi.

Aholidan “Tez yordam chaqiruvlari kun sayin oshib boryapti, degan ma’lumot to‘g‘rimi?” savoli kelib tushdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 28- va 29-iyul tahlil natijalariga ko‘ra, tana harorati ko‘tarilgan bemorlar bo‘yicha tez yordam chaqiruvi 1,2 martaga kamaygan.

Avvalroq O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirilgani hamda shanba va yakshanba kunlari kimlar avtomashinada harakatlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi avtomobillarga maxsus stiker bermasligi va avtomashina o‘zgarsa, stiker almashtirib berilmasligi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 30-iyul 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 206 nafarga ortib, 23 078 nafarni tashkil etmoqda.

Mamlakatda 13 432 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (58 foiz) sog‘aygan. 9 512 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

 

Янгиликлар