O‘zbekistonda shanba va yakshanba kunlari kimlar avtomashinada harakatlanishi mumkin?

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Shanba va yakshanba kunlari quyidagi avtomashinalarga harakatlanish uchun ruxsat berilgan:

– maxsus ruxsatnoma (stiker)lari bor mashinalar;

– maxsus ruxsatnoma (stiker)siz yurish huquqiga ega bo‘lgan avtomashinalar.

Shuningdek, butun sutka davomida stiker va litsenziyasi bor taksilarning faoliyat olib borish (odam tashish)i taqiqlanadi. Yetkazib berish xizmatlari (keytering) faoliyati bundan mustasno. Biroq taksilar yetkazib berish xizmatida shanba-yakshanba kunlari ishlashi mumkin bo‘ladi. Ma’lumot uchun, oziq-ovqat do‘konlari ham yopilmaydi.

Avvalroq O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi keskin kuchaytirilgani, hududlardagi vaziyatga qarab karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkinligi, 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda hududlardagi vaziyatga qarab karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

Keyinchalik Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirgan.