Samarqandda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyati Narpay tumanida faoliyat yuritayotgan MChJ boshlig‘i fuqaro R.H. 5-iyul kuni ariza bilan murojaat qilgan. Bu haqida Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati

Murojaatga ko‘ra, jamiyat 2018-yildan buyon Narpay tumanida klaster usulida paxta xom ashyosi yetishtirish va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Jamiyat faoliyatida foydalanish uchun alohida gaz tarmog‘iga ulangan. Shunga qaramasdan, gaz ta’minotida bir maromdagi bosim bo‘lmasa-da, tabiiy gaz uchun to‘lov miqdori oshishi kuzatilgan.

Quvurning jamiyatga qarashli gaz hisoblagichdan keyingi qismining ikki joyidan tumandagi boshqa MChJlar yashirincha ulanib olib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganliklari sababli to‘lov miqdori ko‘payib ketganligini bildirgan. Unga yetkazilgan zararni undirishda hamda ushbu MChJ mas’ullariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida MChJga kelgan tabiiy gaz tarmog‘i ko‘zdan kechirilganda jamiyat gaz tarmog‘ining ikki joyidan boshqa xususiy korxona va MChJ yashirincha ulangan. Gazdan qonunga xilof ravishda foydalanib kelishganligi oqibatida fuqaro R.X. ishlaydigan MChJga jami 148 120 236 so‘m moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (O‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘irlik) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Farg‘onada o‘g‘rilik sodir etib, qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani hamda Quvasoyda bedarak yo‘qolgan fuqaro Toshkent viloyatidan topilgani haqda xabar berilgandi.

Shuningdek, Samarqandda o‘g‘rilik sodir etib, uch oy tergovdan qochib yurgan shaxs qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Undan tashqari, Rishtonda ham o‘g‘rilik sodir etib, tergovdan yashiringan shaxs qo‘lgan olingan.

Янгиликлар