Andijonda “Jihodchilar” guruhiga qo‘shilib qolgan yigit qo‘lga olindi
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tekshiruv natijasida taqiqlangan diniy ekstrimistik oqim — “Jihodchilar” guruhiga qo‘shilib qolgan yigit qo‘lga olindi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.
Ma’lumotlarnga ko‘ra, 2017-yilning iyun oyi oxirida fuqaro Sh.R. akasi bilan Yekaterinburg shahriga mavsumiy ishlash maqsadida boradi. Kafeda qo‘riqchi bo‘lib ishlaydi. Fuqaro hujjatlarsiz ishlagani sababli O‘zbekistonga deport qilingan.
Shundan so‘ng ishsiz qolgan fuqaro Sh.R. diniy kitoblar o‘qiy boshlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda shunday kanallarga ulanadi. Taqiqlangan kitoblarni yuklab olib, yaqin tanishiga ulashadi. Norasmiy va taqiqlangan manbalardan foydalana boshlaydi.
“Diniy masalalarda avval umuman qiziqmaganman. Qiziqish 2020-yil yanvar oyidan boshlab paydo bo‘ldi. Qiziqqanim sababli bir kitob oldim. U kitob taqiqlanganligini bilmagan edim. Keyin bilsam, taqiqlangan ekan. Hali o‘qishga ham ulgurmagan edim”, — deydi fuqaro Sh.R.
Mazkur holat yuzasidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, fuqaroning yoshi, chin dildan pushaymonligi va boshqa sabablar e’tiborga olinib, 12-iyundan 20-iyulga qadar qamoqda saqlangan kunlari Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida hisoblanib tayinlangan jazodan 1 oy 5 kuni o‘tab bo‘lingan deb hisoblangan. O‘tash uchun 2 yil 10 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.
Avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Jihodchilar” oqimining 15 nafar a’zosidan iborat guruh faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.