Buxoroda yoqtirgan yigitiga suratlarini yuborgan qizni qo‘rqitib, 3700 dollar hamda 20 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni qo‘lga kiritgan ayol ushlandi

Buxoroda 31 yoshli fuqaro G.B. (ayol) o‘zining tanishi 21 yoshli K.J.,(ayol) Telegram orqali o‘zining yoqtirgan yigitiga yuborgan shaxsiy fotosuratlarini ko‘rib, hech kimga aytmaslik evaziga undan pul undirib kelgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Ma’lum bo‘lishicha, G.B. suratlarni ko‘rib qolgach, ularni qizning ota-onasi va boshqalarga ko‘rsatib, sharmanda qilishini aytib, qo‘rqitgan. So‘ng 2020-yilning aprel oyidan 20-iyul kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida K.J.dan jami 3 700 AQSh dollari, umumiy bahosi 20 million so‘m bo‘lgan 1 dona tilla zanjir, 3 dona ayollar tilla uzugi hamda 1 dona ayollar tilla ziragini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, 20-iyul kuni G.B. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, K.J.dan fotosuratlarini tarqatmaslik evaziga yana 1000 AQSh dollari talab qilib, ushbu pullardan 200 AQSh dollarini G‘ijduvon tumani Abadi qishlog‘ida olayotgan vaqtida G‘ijduvon tuman IIO FMB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada tovlamachilik yo‘li bilan olti million so‘mni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganlar ushlangani haqda xabar berilgan edi.

Янгиликлар