Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni bir sutkada rekord darajada oshdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19’dan kasallanganlar har kuni rekord darajada qayd etilayotganligini ta’kidladi, deya xabar berdi “RBK”.

Dunyo bo‘yicha har kuni koronavirus bilan kasallanganlarning soni rekord darajada — 237,7 ming kishida aniqlanmoqda. Bundan oldingi maksimal ko‘rsatkich bir hafta oldin qayd etilgan bo‘lib, 12-iyulda kuniga 230,3 ming kishini tashkil etgandi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yangi holatlarning eng ko‘pi AQShda qayd etilgan (67,1 ming). Keyingi o‘rinlarda Braziliya (39,9 ming) va Hindiston (34,9 ming) turgan bo‘lsa, kasallikning o‘sish darajasi bo‘yicha Janubiy Afrika to‘rtinchi o‘rinda (kuniga 13,1 ming) va Rossiya (6,4 ming) beshinchi o‘rinda qayd etilgan.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon koronavirus bilan kasallanish cho‘qqisidan o’tgan. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmoqda, biroq biz hali dam ololmaymiz, deya ta’kidlaydi vazir.

JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovichning aytishicha, agar odamlar kasallikning oldini olish choralariga rioya qilmasa, COVID-19’ning ikkinchi to‘lqini yana davom etishi mumkin. Shuningdek, dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni baholab, infeksiyaning global o‘sishi kuzatilayotganini ta’kidlagan. Ammo bu hali ham pandemiyaning birinchi to‘lqinining davomi, deya tushuntirgan.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytga qadar dunyoda 14 milliondan ortiq kishi koronavirus yuqtirgan. Shundan 602 695 kishi vafot etgan.

Avvalroq Qozog‘iztonda bir kunda 1707, Qirg‘izistonda esa 511 kishida koronavirus aniqlanib, Rossiyada infeksiya qurbonlari soni 12 mingga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, “Forbes” pandemiya davrida eng ko‘p boylik orttirgan rossiyalik milliarderni aniqladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 16 mingga yaqinlashgan.

Янгиликлар