Farg‘onada koronavirusga chalingan bemorlar uchun 10 mingga yaqin zaxira o‘rin-joy tayyorlanadi

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev 20-iyul kuni zaxira o‘rinlar tayyorlash yuzasidan bir qancha sihatgohlarga bordi. Bu haqda hokimlikning matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

“Biz eng og‘ir holatlarga ham tayyor bo‘lishimiz lozim, — dedi viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev. – Buning uchun zudlik bilan 9600 ta zaxira o‘rin-joy tayyorlashimiz zarur”.

Zaxira joylar Beshariq, Oltiariq, Farg‘ona tumanlaridagi “Ona va bola”, “Bog‘ishamol”, “Zilol”, “Chimyon”, “Temiryo‘lchi”, “Nurafshon”, “Qiziltepa”, “Jahongirmirzo” kabi davlat va xususiy sihatgohlardan ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Maxsus dastur-reja asosida bu sihatgohlarda tibbiyot talablariga mos, ya’ni bir kishilik va, albatta, sanitariya qulayliklari ichkarida bo‘lgan xonalarni zaxiraga olish uchun o‘zaro shartnoma tuzyapmiz. Bunda hokimlik har bir zaxira o‘rni uchun 3 million so‘m sihatgohga to‘lab beradi. Sihatgoh esa, agarda zarurat tug‘ilsa, koronavirusga qarshi kurash viloyat shtabi yuborgan bemorlarga shu xonalarni taqdim etadi. Ularni davolash yoki chegaralash bilan bog‘liq masalalarni sog‘liqni saqlash tizimi hal etadi”, — deydi Gʻaniyev.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Shuningdek, Oltiariqdagi “Jahongirmirzo” xususiy sihatgohi muassislari 50 ta xonani zaxiraga bepul, hech qanday to‘lovsiz ajratdi.

Avvalroq Shuhrat G‘aniyevning Farg‘onadagi pandemik holat yuzasidan axborot bergan edi. Shuningdek, Janubiy Koreyadan koronavirusni aniqlovchi 4 mingta ekspress-test olib kelingani haqda xabar berilgan edi.

Янгиликлар