Farg‘onada “O‘zgidrotexnik” xodimlari uch oydan buyon maosh olmagan. Ishchilarga va’da qilingan mukofot puli ham berilmagan
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi “O‘zgidrotexnik” MChJ ishchi-xodimlari uch oydan buyon ish haqlarini olmagan. Ularga Sardoba tumanidagi qurilish ishlariga jalb qilinganliklari uchun mukofot puli ham berilmagani ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi “Kun.uz”.
O‘zini korxona haydovchisi deb tanishtirgan xodimning ta’kidlashicha, korxonadagi xodimlar so‘nggi marta 2020-yilning aprel oyi uchun ish haqlarini may oyida olgan bo‘lib, shundan beri maosh berilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ishchi-xodimlar may oyida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi qurilish ishlariga jalb qilingan, jamiyat rahbariyati ularga bir oylik ish haqi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirish pullarini va’da qilgan. Biroq oradan ikki oy vaqt o‘tayotgan bo‘lsa-da, oylik ham, mukofot pullari ham berilmagan.
“Mayli, Sardobada ishlagan mehnatimizga rozimiz, bizga faqat oylik ish haqlarimizni o‘z vaqtida berishsin. Oramizda oilasida yagona boquvchi bo‘lgan xodimlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Endi tasavvur qilib ko‘ring: bunday oilalarning tirikchiligi nima bo‘ladi? Oilasi nima olib, nima yeydi?”, — deydi xodimlardan biri.
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida o‘zini “O‘zgidrotexnik” MChJ bo‘lim boshlig‘i deb tanishtirgan Ayubxon ismli shaxs bilan telefon orqali bog‘lanilganda, u ishchi-xodimlarning ish haqlarini to‘lash borasida harakatlar olib borilayotganini aytib, bundan boshqa ma’lumot bera olmasligini bildirgan.
MChJ rahbari Faxriddin Usmonovning ma’lum qilishicha, “O‘zgidrotexnik” MChJ “O‘zsuvqurilish” AJ tarkibidagi tashkilot bo‘lib, uning ma’lum ulushiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi egalik qiladi. Bugungi kunda ushbu jamiyatda 700 nafar ishchi-xodim o‘z faoliyatini olib bormoqda.
“Ishchi-xodimlarning may oyi maoshi to‘lab berilgan, faqatgina ularning bir qismigina qolgan. Iyun—iyul oylariga esa hisobchilarimiz harakat qilishmoqda. Buxgalteriya bilan bog‘liq barcha hujjatlar tayyorlab qo‘yilgan. Mablag‘ tushishi bilan barchalarining plastik kartalariga ish haqlari o‘tkazib beriladi. Ishchi-xodimlar haqiqatan ham Sardobadagi qurilish-ta’mirlash ishlariga jalb qilingan edi. Ularga qo‘shimcha mukofot pullari berishni va’da qilganimiz ham rost. Yuqorida aytganimdek, bu borada harakatlar olib borilmoqda”, — deydi jamiyat rahbari.
Faxriddin Usmonov xodimlarning oylik ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lab berish borasida mablag‘ muammo bo‘lmayotganini aytib o‘tgan.
“Muammo shundaki, biz buyurtmachilardan buyurtma olgach, uning loyihasini tasdiqlatamiz. Loyiha tasdiqlangach, uni moliya boshqarmasi huzuridagi g‘aznachilik bo‘limi ko‘rishi kerak bo‘ladi. Keyin mablag‘ tasdiqlanadi. Tez orada ushbu muammoning yechimini topamiz. Albatta, shu oy oxirigacha ishchi-xodimlarga oylik ish haqlarini to‘lab beramiz”, — deya ta’kidlaydi Faxriddin Usmonov.
Keyinchalik murojaatchilar oylik maoshlari tushganligini, biroq hammaga har xil — ayrimlarga 2 million, ba’zilarga 3 million, yana boshqalarga 1 million tushganligini, biroq ikki oylik maosh berilmaganligini aytgan.
Ma’lumot uchun, “O‘zgidrotexnik” MChJ “O‘zsuvqurilish” AJ muassisligidagi 56 ta korxonadan biri hisoblanadi. “O‘zsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyati esa Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasi muassisligidagi tashkilotdir.
Avvalroq Samarqandda tibbiyot xodimlarining 840 million so‘mlik qo‘shimcha maoshlari to‘lab berilmagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Rossiyada 3 oydan buyon maoshini ololmayotgan muhojirlar quruvchi kompaniyaning ofisiga hujum qilgan, keyinchalik Tashqi ishlar vazirligi ishchilar uyushtirgan norozilik bo‘yicha ma’lumot bergan.