Hokimlar ayrim vakolatlaridan mahrum bo‘ldi

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, 7-iyul kuni hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Hujjat bilan Prezidentning 2019-yil 9-dekabrdagi qaroriga koʻra davlat organlari tomonidan talab qilish va mahalla tomonidan berish taqiqlangan 28 turdagi hujjatlar bilan bogʻliq hukumat qarorlariga oʻzgartirishlar kiritildi.

Shuningdek, qaror bilan hokimliklarning litsenziyalash va ruxsat berishga oid bir qancha vakolatlari boshqa davlat organlariga oʻtkazildi:

Chet tillarni oʻrganish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish faoliyatini litsenziyalash – Xalq taʼlimi vazirligi va viloyat xalq taʼlimi boshqarmalariga;

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash – Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining hududiy boʻlinmalariga;

Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash – Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalariga;

Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga ruxsat etuvchi maxsus guvohnomalar berish – tuman (shahar) soliq inspeksiyalariga.

Ayrim idoralararo kollegial organlar tugatildi yoki vakolatlari boshqa davlat organiga oʻtkazildi. Jumladan:

qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi tugatildi;

xorijiy tillarni oʻrganishni yana-da rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash vakolatlari – Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Xalq taʼlimi vazirliklariga;

Oʻzbekiston milliy avtomagistrali boʻylab yoʻl infratuzilmasi va servisi obyektlarining joylashtirilishini koʻrib chiqish va kelishish Komissiyasi vakolatlari – Transport vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga;

mahalliy nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari koʻrgazmalari va yarmarkalarini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning vakolatlari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga oʻtkazildi.

Янгиликлар