Koronavirus pandemiyasi tufayli odamlar ochlikdan o‘lishi mumkinligi taxmin qilindi

Oxfam xalqaro xayriya tashkilotining bashorat qilishicha, dunyo mamlakatlarining ko‘plab aholisi koronavirus pandemiyasi tufayli ochlikdan vafot etishi mumkin.

Tayyorlangan hisobotda aytilishicha, “ochlik inqirozi” infeksiyadan ko‘ra ko‘proq o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, 2020-yil oxiriga kelib, kuniga 12 ming kishi oziq-ovqat yetishmasligidan vafot etadi.

Taxmin qilinishicha, bir qator omillar “ochlik inqirozi”ga olib keladi. Ana shu sabablar orasida ishsizlik, norasmiy iqtisodiyotda ishlaydiganlar uchun ijtimoiy yordamning yetishmasligi, mahsulot yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar va ishlab chiqaruvchilar duch kelayotgan to‘siqlar, shuningdek, insonparvarlik yordamini yetkazib berishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan chegarasi yopiq mamlakatlar kabi sabablar mavjud.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, dunyoning o‘nta mintaqasi va davlatlari eng katta muammolarga duch kelishadi: Yaman, Kongo Demokratik Respublikasi, Afg‘oniston, Venesuela, G‘arbiy Afrika, Efiopiya, Sudan, Janubiy Sudan, Suriya va Gaiti. Bundan tashqari, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika ham qiyin kunlarni boshidan kechirishi taxmin qilindi.

Ma’lumot uchun, 2020-yil 13-iyul holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 13 041 698 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 7 588 094 nafari kasallikdan butunlay sog‘aygan. O‘lim holati 571 660 ga teng.

Янгиликлар