O‘zbekistonda OAVning dronlardan foydalanishiga ruxsat berilishi mumkin
O‘zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yangi tahrirdagi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Qonunda qator yangiliklar ko‘zda tutilgan. Jumladan, ommaviy axborot vositalari foto va videomateriallarni tayyorlash maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali tegishli davlat organi tomonidan belgilab berilgan hududlarda qirq metrgacha bo‘lgan balandlikda vazni uch kilogrammdan ziyod bo‘lmagan uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 2-may kuni dronlardan noqonuniy foydalanganlarni ozodlikdan mahrum etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagandi.
Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilgan.