O‘zbekistonda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tugatildi
O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan mamlakatda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalari tugatildi.
Farmonga ko‘ra, sanitariya-epidemiologiya xizmatining tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qo‘shimcha ravishda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lganda lavozim maoshiga 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo‘lganda 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati davlat budjetidan tizimga ajratilgan mablag‘lar, ularning sarflanish yo‘nalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan ma’lumotlarni har oy yakuni bo‘yicha jamoatchilikka e’lon qiladi va o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi. Farmon bilan shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining budjetdan tashqari Maxsus jamg‘armasi tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi 2019-yil 9-sentabrda Prezident farmoni bilan tashkil etilgan.
Avvalroq Prezidentning koronavirusga tahlil natijalari uch kunda telefon orqali xabar qilinishi bo‘yicha farmoni haqda xabar berilgan edi.