Qo‘qonda 1 mln so‘mga psixotrop modda sotgan shaxs aniqlandi. U 20 yilgacha qamalishi mumkin
Farg‘ona viloyatining Qoʻqon shahrida 10 ta konvalyuta (qadoqda)dagi 100 dona “Tramadol Lannacher 50 mg” nomli psixotrop moddalarini sotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
10-iyul kuni oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro O.O. A.Hoʻqandiy mavzesida ushbu psixotrop moddalarni 1 million soʻm evaziga sotgan vaqtida ushlanib, xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida olingan.
Holat yuzasidan Qoʻqon shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Avvalroq Qo‘qonda avtomashinasida marixuana saqlab yurgan shaxs aniqlangani, xabar berilgandi.