Qo‘qonda soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxs qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida soxta tadbirkorlik, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlab, tergovdan yashiringan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar berdi Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, 18-iyul kuni Qo‘qon shahar IIO FMB Jinoyat qidiruv xodimlari Jinoyat kodeksining 179-moddasi (Soxta tadbirkorlik), 184-moddasi 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)ni sodir etib, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruvda bo‘lgan M.B.ni qo‘lga olgan.
Boshqarma axborotida qidiruvdagi shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo’lgan fuqarolardan, yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limlariga xabar berishlari so‘ralgan va ma’lumot bergan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi aytib o‘tilgan.
Avvalroq Qo‘qonda va Quvasoyda qidiruvda bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.