Quvayt tibbiy muassasalarni jihozlash uchun O‘zbekistonga 5,6 mln dollar ajratadi
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov 21-iyul, seshanba kuni Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (QAITJ) bosh direktorining o‘rinbosari Marvan Abdulloh al-Gʻonim bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar koronavirusga qarshi kurash hamda moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, QAITJ Bosh direktorining o‘rinbosari koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash uchun 5,6 million AQSh dollari miqdoridagi jamg‘arma mablag‘larini yo‘naltirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tomonining taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, jamg‘armaning O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarda, xususan, qishloq hududlarida uy-joylar qurish, suv ta’minoti tizimini yaxshilash va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasidagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.
Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun 100 million dollar miqdorida kredit ajratishi xabar qilingan edi. Bundan tashqari, Jahon banki O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashish uchun 95 million dollar ajratishi ham ma’lum qilingan edi.