Samarqandda bolalarga yashirincha diniy saboq berayotgan hujra faoliyati fosh etildi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida 48 yoshli fuqaroning uyida noqonuniy hujra borligi fosh qilinib, Davlat xavfsizlik xizmati Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi hamda ichki ishlar xodimlari tomonidan uning faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda “Sevimli” telekanali xabar berdi.
Aniqlanishicha, xonadonda 9-17 yoshlarda bo‘lgan jami 7 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qizga hujra ko‘rinishida diniy ta’lim berilgan. Yashirin bilim dargohida o‘zining ilmi yetarli darajada bo‘lmagan fuqarolar tomonidan kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan diniy kitoblar o‘qitilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi hamda shahar Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizm va ekstremizimga qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida noqonuniy ravishda diniy saboq berib kelayotgan fuqaroning uyi ko‘zdan kechirilganda arab yozuvidagi 7 dona diniy adabiyot, 7 dona daftar va 6 dona varaqa topilgan.
Ta’kidlanishicha, voqea joyidan xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan diniy mazmundagi materiallar ekspertiza uchun yuborilgan.
Hozirda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tomonidan holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Diniy qo‘mita samarqandlik soxta payg‘ambar videosiga munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, DXX Toshkentda 11 nafar xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdorini qo‘lga olgan.