Saudiya Arabistoni kompaniyasi Peshku va G‘ijduvonda shamol elektr stansiyalari quradi

Toshkent shahrida 2019-yil 20-sentabrda bo‘lib o‘tgan Energetika investitsion forumi doirasida respublika Energetika vazirligi hamda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasida quvvati 500 megavatt (MVt) dan 1000 megavattgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kelishuvlarga asosan, Buxoro viloyatining Peshku, G‘ijduvon hamda Navoiy viloyatining Konimex tumanlarida ikkita shamol elektr stansiyasini qurish uchun yer maydoni tanlandi.

Energetika vazirligi bilan Saudiya Arabistoni kompaniyasi o‘rtasida 2020-yil 5-mart kuni umumiy quvvati 500—1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish loyihasi bo‘yicha kelishuv shartnomasi imzolangan. Unga ko‘ra, Buxoro va Navoiy viloyatlarida xuddi shunday ikkita shamol elektr stansiyasi quriladi.

Loyiha 1 milliard AQSh dollari miqdorida baholangan. U to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini to‘lig‘icha jalb qilish orqali barpo etiladi. Jarayonda investor bilan elektr energiyasini sotib olish va investitsiya kiritishga doir qo‘shimcha kelishuvga erishilmoqda. Buning natijasida 25—30 yil davomida mamlakatni tabiiy “yashil” energiya manbalari orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.

Avvalroq Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan bemorlarda kislorod ta’minotini yaxshilash maqsadida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan har biri 12 million so‘mlik 50 dona tibbiyot konsentratori xarid qilingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар