So‘x tumanida karantin tartib-qoidalari nazorati kuchaytirildi (foto)

Farg‘ona viloyati So‘x tumanida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida tumanning barcha mahallalari kirish joylarida blokpostlar tashkil etildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: So‘x tumani hokimligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, ushbu postlarda Milliy gvardiya, Ichki ishlar va prokuratura xodimlaridan iborat guruhlar tuzilgan. So‘x tumani hududiga kirib kelayotgan fuqarolar o‘rtasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Foto: So‘x tumani hokimligi matbuot xizmati

“Har bir mas’ul shaxs o‘ziga biriktirilgan hududda karantin qoidalariga rioya qilish bo‘yicha muntazam ravishda nazorat olib bormoqda. Shuning uchun fuqarolarimizdan iltimos qilardikki, avvalambor, inson hayoti muqaddas, qolaversa, oilasi, o‘zining salomatligi har bitta inson uchun juda ham qadrli, har bir fuqaro o‘zini, oilasini, qo‘ni-qo‘shnisini, atrofdagi odamlarni hurmat qilib, karantin qoidalariga rioya qilishi lozim”, — deydi So‘x tumani prokurori Farhodjon Abduvaliyev.

Foto: So‘x tumani hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq Farg‘onada koronavirusga chalingan 4 nafar bemor tuzalgani xabar qilingandi. Hozirga qadar viloyatda koronavirusga chalingan 176 nafar bemorning 165 nafari sog‘aygan, 1 kishi vafot etgan.

Янгиликлар