Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa ittifoqi delegatsiyasi rahbari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 28-iyul kuni O‘zbekistondagi missiyasini yakunlayotgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stipraysni qabul qildi. bu haqida Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali, jumladan, Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar konferensiyasini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, 2019-yil yakunlariga ko‘ra 4 milliard AQSh dollarini tashkil etgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmlarini yanada oshirishning zarurligi qayd etildi. Suhbat oxirida vazir YI delegatsiyasi rahbariga samarali faoliyati hamda O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Avvalroq 28-iyul kuni “Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyati: yangi imkoniyatlar” mavzusida vebinar o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. 

Янгиликлар