Toshkentda koronavirusga chalingan 61 yoshli erkak vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 124 nafarga yetdi
Toshkentda koronavirusga chalingan 61 yoshli erkak o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Poytaxtlik 61 yoshli erkak M.M. 10-iyul kuni o‘zida koronavirus infeksiyasining belgilarini sezgach, uyda davo muolajalarini olgan. Biroq ahvoli og‘irlashgach, 20-iyul kuni shifokorga murojaat qilgan va tibbiyot muassasasida statsionar rejimda davolanishga o‘tkazilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, infeksion toksik shok asoratlari bilan kechgan. Bemorda yurak ishemik kasalligi, gipertoniya hamroh kasalliklari ham bo‘lgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Avvalroq koronavirusga tahlil natijalari haqida 3 kunda telefon orqali xabar berilishi, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga harbiy shifokorlar ham jalb qilinishi e’lon qilingan edi. Shuningdek, “O‘zekspomarkaz”ga joylashtirilgan koronavirus bemorlarining yaqinlari ularning ahvolidan monitor orqali xabardor bo‘lishi xabar qilingan edi.