Toshkentda koronavirusga chalingan 80 yoshli ayol vafot etdi. O‘zbekistonda COVID-19 qurbonlari soni 97 taga yetdi
Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashagan 80 yoshli ayol 22-iyul kuni o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro V.X.da 18-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va u Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.
Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 22-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 18 171 nafarni tashkil etgan. Shulardan 9521 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 8554 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq Nukusda koronavirus aniqlangan 42 yoshli erkak vafot etgani haqida xabar berilgandi.