Moliya vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Prezidentning 2020-yil 9-iyuldagi qarori bilan Jamshid Ismailovich Abruyev Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jamshid Abruyev 1979-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan.
Vazirlik tizimida faoliyatini 2012-yilda Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasining Umumiy o‘rta va maktabgacha ta’limni moliyalashtirish bo‘limi yetakchi iqtisodchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan
Jamshid Abruyev 2017—2018-yillar davomida vazirlikning Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Tayinlovga qadar, Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Avvalroq Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlangani haqida xabar berilgandi.