Andijonda ko‘p kvartirali uylarni kapital ta’mirlashni moliyalashtirish uchun maxsus jamg‘arma tashkil etildi
Andijon viloyati hokimi va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri 24-iyul, juma kuni “Ko‘p qavatli uy-joy fondini kapital ta’mirlash jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorni imzoladi. Bu haqda viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi xabar berdi.
Qo‘shma qaror bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tomonidan tasdiqlangan dastur ijrosi doirasida qabul qilindi.
Ushbu qarorga asosan, Ko‘p qavatli uy-joy fondini kapital ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish jamg‘armasi yuridik shaxs tashkil etmasdan Andijon viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi huzurida tashkil etildi. Qaror bilan “Ko‘p kvartirali uy-joy fondini kapital ta’mirlash jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Jamg‘arma mablag‘lari Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan kelishilgan holda viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan manzilli ro‘yxat asosida sarflanadi. 2020-yilda Andijon viloyatida ta’mirga muhtoj bo‘lgan 48 ta ko‘p kvartirali uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun ta’mirlash ishlari aynan shu jamg‘armadan moliyalashtiriladi.
Andijon tajribasidan kelib chiqqan holda ko‘p qavatli uy-joy fondi kapital ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etiladi.
Avvalroq Oltinko‘lda “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida ehtiyojmand oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgani xabar qilingandi, shunigdek, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida umumiy qancha mablag‘ xayriya qilingani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu harakat doirasida Andijon IIB 101 million so‘m xayriya qilgan. Uning ortidan Toshkent viloyati IIBB Probatsiya bo‘limi tomonidan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ichki ishlar organlari nazoratida bo‘lgan 150 ga yaqin shaxsga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, hukumatning 2020-yil 22-apreldagi farmoyishi bilan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etilgan.