Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i vafot etdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qonun hujjatlarini va davlat organlari qarorlarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelyotgan Sanjar Abdukadirov vafot etdi. Bu haqida qo‘mitaning rasmiy manbasi xabar berdi.

Foto: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

1980-yilda Namangan shahrida tavallud topgan S.Abdukadirov Namangan muhandislik iqtisodiyoti instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasini bitirgan.

Uzoq yillar davomida Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va  nazorat qilish, Davlat mulki qo‘mitasi va Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida faoliyat olib borgan.

«Kimgadir aka, uka, do‘st va hamkasb bo‘lgan yaqin qadrdonimiz, biz sizni sog‘inamiz! Oxiratingiz obod bo‘lsin! Sizning ortingizda qolgan oila-a’zolaringiz va yaqinlaringizga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘zining chuqur ta’ziyasini izhor etadi», deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoqlardan 40 yoshli mutaxassis o‘limiga koronavirus sabab bo‘lgani aytilyotgan bo‘lsa-da, rasmiy manba bunday ma’lumotni bermagan.

Avvalroq Davlat xizmatlari agentligi xodimi koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi vafot etgan podpolkovnik oʻlimiga koronavirus sabab boʻlganini tasdiqlagandi.

Янгиликлар